24Mar-2026
Zukko kitobxon
Yangi kutubxona markazida «Zukko kitobxon» tanlovi bo‘lib o‘tdi. Zamonaviy Axborot-kutubxona markazining yangi binosi ochilishi munosabati bilan tuman yoshlari o‘rtasida «Zukko kitobxon» tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi B.Sultanov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati M.Nizanov yig‘ilganlarni tabrikladi.
Tanlovga Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati M.Nizanovning «Oqshagul» asarini o‘qib chiqish topshiriq qilib berilgan edi. Ishtirokchilar asardan tayyorlangan savollar va testlarga javob berib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rdi. Yangi binoning ochilish marosimida eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar aniqlanib, g‘oliblar diplom, esdalik sovg‘alari va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar yosh avlodni kitobga o‘rgatish, ularning bilim darajasini oshirish va kelajakda yetuk, keng dunyoqarashga ega insonlar bo‘lib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
